info@samarqandqxk.uz    +998662217405 fax:+998662217271

G’o’za bargini sun’iy to’ktirish agrotexnikaga qat’iy amal qilishni talab etadi.

 

Viloyatimiz paxtakorlari sunbulada ham har qachongidan g’o’za parvarishini kuchaytirib, hosilga hosil qo’shishni davom ettirmoqdalar. O’z vaqtida sifatli o’tkazilgan chekanka tufayli har tup g’o’zada o’rtacha 18-20 tadan to’q ko’saklar yetiltirib olindi. G’o’zaning pastki yaruslarida paxta ochila boshladi. Bu esa yig’im-terim mavsumini qisqa muddatlarda o’tkazish imkonini beradigan g’o’za bargini sun’iy to’ktirish tadbirlariga puxta hozirlik ko’rish va uni agrotexnika talablariga qat’iy rioya qilgan holda o’tkazishni taqozo etadi. Buni yaxshi tushungan tumanlarda defoliasiyani o’tkazishga zarur vositalar shay qilib qo’yildi deb yozadi Zarafshon gazetasida.

– Bu yil 20812 gektar yerda g’o’za parvarishlayapmiz, – deydi «Agrokimyohimoya» HAJ Past Darg’om tuman filiali mudiri v.b Kamol Allamuratov. – Hosil cho’g’i yomonmas, chekanka sifatli o’tkazildi. Ayni paytda parvarishni to’xtatmasdan, g’o’za bargini sun’iy to’ktirish uchun zarur vositalarni shaylab turibmiz. Jumladan, 52 ta defoliant purkaydigan OVX agregati ta’mirlandi, 24 ta ishchi eritma tashiydigan transport ajratildi. 21 ta otryad tashkil etilib, ularning unumli ishlashlari uchun barcha zarur sharoitlar yaratildi, otryadlar texnika xavfsizligi vositalari bilan ta’minlanib, ishchi va mexanizatorlar tibbiy ko’rikdan o’tkazilyapti. Jamiyatimiz omborxonalarida 236 tonna «Super XMD» va boshqa defoliantlar hozirlab qo’yilgan. Tez orada tabaqalashtirilgan holda, g’o’zaning navi, paxtaning ochilishiga qarab, defoliasiyani boshlaymiz va uzog’i bilan bir hafta ichida  tugallaymiz.

– Darhaqiqat, defoliasiya paxtaning ochilishiga qarab tabaqalashtirilgan holda o’tkazilganda yaxshi samara beradi, – deydi mutaxassis olim Davron Nasrullayev. – Bu dalalarni tayyorlashdan boshlanadi: paykal boshidagi g’o’za 8-12 kenglikda desikasiya qilinadi, ya’ni quritiladi. Shuni ta’kidlash lozimki, defoliasiya o’tkaziladigan dalada tuproq namligi 60-65 foizdan kam ham, ko’p ham bo’lmasligi, paxta 40-45 foiz ochilgan bo’lishi zarur. Agar namlik me’yordan ortiq bo’lsa purkalanayotgan eritmaning g’o’za bargiga ta’siri kamayadi. Namlik past bo’lsa purkalayotgan eritma g’o’za rivojiga rag’bat berib, ikkilamchi o’sishi – g’ovlashiga olib keladi. Oqibatda ko’sak ochilishi jarayoni cho’zilib ketib, hosil sifati va salmog’iga putur yetadi. Defoliasiyaning sifatli bo’lishida havo harorati ham muhim rol o’ynaydi. Chunki har bir defoliant o’z tarkibi va ta’sir etish kuchiga qarab, turlicha bo’ladi. Misol uchun, yumshoq ta’sir etuvchi defoliantlar havo harorati o’rtacha 20-25 0S dan pasayganda ta’siri o’ta sust bo’ladi. Defoliasiyani o’tkazishda ana shu holatlar e’tiborga olinishi lozim.

Defoliasiya o’tkazish muddati belgilanganda o’sha mintaqaning tuproq-iqlim sharoiti, parvarishlanayotgan g’o’za navining biologik xususiyati, agrotexnikasi, pishib yetilish muddati qat’iy hisobga olinishi kerak. Misol uchun, tezpishar, barg yuzasi kichik va nisbatan yupqaroq g’o’za navi defoliantga ta’sirchan, aksincha, kechpishar, serbarg va ustki qismi qalinroq navga defoliant birdan ta’sir etmasligi mumkin. Bunday vaziyatda birinchi holda defoliant dozasi kamaytiriladi, ikkinchi holatda esa ko’paytirish lozim bo’ladi.

Defoliasiyani boshlashni aniqlash uchun paxta maydonining 5 joyidan konvert usulida 10 m2 maydon olinib, tup soni, paxtaning ochilish darajasi o’rtacha chamalab chiqiladi va g’o’za bargini sun’iy to’ktirish muddati, defoliant miqdori belgilanadi. Agar g’o’za qo’shqator ekilgan maydon bo’lsa, defoliant miqdori 20-25 foizga oshiriladi. Defoliant eritma me’yori muayyan daladagi g’o’zaning holati, navi va morfologik xususiyatlariga qarab belgilanishi hamda tabaqalashtirilishi mumkin. Shundan kelib chiqib, «Omad», «Sulton», «Namangan-77», «Buxoro-102» navli g’o’zalarga «O’zDEF» defoliantidan gektariga 6-7,5 litr, «Super XMD-S»dan 6,5-8,5 litr, «Polidef»dan 6-7,5 litr me’yorida qo’llash tavsiya etiladi.

O’z vaqtida agrotexnik qoidalarga rioya qilingan holda o’tkazilgan defoliasiya paxtaning ochilishini bir hafta-o’n kunga tezlatib hosilni qisqa muddatlarda yuqori navlarga yig’ishtirib olish imkonini beradi. Defoliasiyada ishtirok etadigan mutaxassis, mexanizator, ishchilar texnika xavfsizligi qoidalariga rioya qilishni unutmasligi, eritma tayyorlanadigan markazlarda albatta birinchi tibbiy yordam ko’rsatadigan xodimlar bo’lishi shart.