Andijon viloyati Ulugʻnor tumani belgilangan rejani bajardi.
Andijon viloyati Ulugʻnor tumani paxtakorlari 9 ming 14 gektar maydonda gʻoʻza parvarishlab, davlatga 17 ming 814 tonnadan ortiq sifatli paxta hosili topshirdi.
– Yigʻim-terim uyushqoqlik bilan oʻtkazildi, – deydi tuman hokimining qishloq xoʻjaligi boʻyicha oʻrinbosari Noʻmonjon Qirgʻizov. – Tumandagi 25 mahalla fuqarolar yigʻinidan faollar, uy bekalari, uyushmagan aholi vakillari hamda hasharchilardan iborat 9 ming nafardan ortiq fuqaro 74 ta terim otryadi tarkibida terimda faol qatnashdi.
Terimchilarga terilgan paxta uchun pul reja 50 foizga yetgunga qadar 3-5 kunda, 50 foizdan oʻtgandan keyin kunma-kun berib borildi. Shuningdek, tuman hokimligi, fermer xoʻjaliklari tomonidan terimchilarga tushlik issiq ovqat va boshqa barcha sharoitlar yaratib berildi.
Ish haqi miqdori va berilishida joriy etilgan yangicha tizim, ilgʻorlar moddiy va maʼnaviy ragʻbatlantirib borilgani, madaniy-maʼrifiy tadbirlar muntazam oʻtkazilgani terim surʼatini yanada oshirdi. Koʻplab terimchilar mavsum davomida 5-6 tonnadan paxta terib, tumanimiz umumiy xirmoniga munosib hissa qoʻshdi. Ayniqsa, 36- terim otryadi aʼzolari Dildora Hasanova, Navbahor Ahmedova, Nigora Umrzoqova, 18-terim otryadi aʼzolari Odinaxon Jakbarova, Oyshaxon Mirzakarimova, Nargiza Xoldorova singari ilgʻor terimchilar barchaga namuna boʻldi.
– Mavsum boshidan buyon 5 tonnadan ortiq paxta terdim, – deydi 36-terim otryadi aʼzosi, Fayzobod mahallasida yashovchi Dildora Hasanova. –Fermer xoʻjaliklari tomonidan har kuni tushlik tayyorlandi, terim pullari dalaning oʻzida berib borildi. Hozirgacha 5 million soʻmdan ortiq daromad qildim. Ilgʻor terimchilar qatori tuman, viloyat hokimi sovgʻalarini olishga muyassar boʻldim.
Tumanda mavjud 343 ta fermer xoʻjaligining aksariyati yillik rejani ortigʻi bilan ado etdi. Jumladan, “Magʻrurbek fayz yeri”, “Sherzodbek yeri”, “Ulugʻnor ifodasi”, “Mamajon buva” singari fermer xoʻjaliklari barchaga namuna boʻldi.
Terimchilarni moddiy ragʻbatlantirish, boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish, madaniy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazilishiga alohida eʼtibor qaratildi. Bu terimchilarga kuch-gʻayrat, shijoat bagʻishladi.
Tuman paxtakorlari daladagi hosilni nest-nobud qilmasdan oxirgi misqoligacha yigʻishtirib olish maqsadida terimni davom ettirmoqda.